Toshkent viloyati Olmaliq tumanida Qo'riqlash departamenti xodimi o'z quroli bilan joniga qasd qildi. Ushbu holatni “Kun.uz” saytiga departament matbuot kotibi tasdiqlagan.

 

Ma'lum bo'lishicha, voqea joriy yilning 29-avgust kuni erta tongda sodir bo'lgan. IIV huzuridagi Qo'riqlash departamentining 37 yoshli xodimi M.O. tungi navbatchiligini tugatgach o'z uyiga borib, unga biriktirilgan xizmat quroli bilan o'zini otib tashlagan.

 

“Aslida xizmat quroli navbatchilikdan so'ng batalyonga olib borib topshirilishi kerak edi. Lekin xodim boshqacha yo'l tutgan”, deyiladi ushbu holat yuzasidan Qo'riqlash departamenti matbuot kotibi bergan izohda.

 

Hozirda marhum xodimga nisbatan sudga oid ekspertiza tayinlangan bo'lib, hodisa sabablari va ishga doir boshqa tafsilotlar prokuratura organlari tomonidan o'rganilmoqda.